Onlayn do’kon veb-saytini yaratish usullari (yoki elektron tijoratning texnik qismlari)
Oxirgi yillar onlayn savdolar hajmi dunyoda keskin o’sdi. Ayniqsa pandemiya sharoiti sababli odamalar yanada ko’proq internet orqali xarid qilishga moslashib olishdi. O’zim ham pandemiya paytida internet-do’kon biznesi ochishga qo’l urgan edim. Biroz vaqtdan keyin bundan voz kechdim. Chunki bu ishga meni da’vat etgan hamkorim mahsulot bilan ta’minlashni bajara olmagandi.
O’zim haqimda qisqacha…
O’zim 2010-yildan boshlab (o’shanda 20 yoshda edim) IT va dasturlashga qiziqishni boshladim. Eng avval PHP va Wordpress o’rganib bir nechta internet do’kon saytlari va tovarlar katalogi saytlari tayyorlagan edim. Universitetda o’qigan paytim ko’plab mijozlarga internet do’koni saytlari tayyorlab berish evaziga birmuncha daromad qilagandim. U paytlar saytlar juda sodda bo’lardi: Tovarlar katalogi, kategoriyalar, Savat, Buyurtma berish oynasi va Admin panel...
Keyinchalik dasturlashni emas balki dizayn, interfeys yo’nalishini tanladim va shu sabab ko’plab onlayn do’konlar uchun interfeys dizayni chizish bilan shug’ullandim. Shu bilan birga web sahifalarni HTML/CSS sahifalarga aytlantishni ham bajarar edim.
Mana 10 yildan beri — shu kungacha yuzlab turdagi internet do’kon va marketpleys (ko’p sotuvchili onlayn bozorlar) uchun dizaynlar tayyorladim. Shu jarayonda bu sohaning og’ir -yengilliklarini tushunib, yaratish jarayonlari bilan yaqindan tanishib oldim. Ana shu bilimlarimni bir joyga jamlab ushbu maqolani yozishga qaror qildim.
Qanday usullarda onlayn savdo qilish mumkin?
Hammasi savol berishdan boshlanadi:
Nima sotmoqchisiz, yoki sotayapsiz?
Qayerda sotmoqchisiz? Kimlarga sotmoqchisiz?
Real hayotga qarasangiz, shaharda do’kon ochishning 2 xil asosiy usuli bor.
1-usul. O’zingiz yer olib do’kon uchun bino qurasiz.
2-usul. Katta bozor yoki supermarketdan joy olasiz.
Internet olamida ham shunday:
1-usul. O’zingiz internetdan hosting server (malumotlar ombori GB yoki MB hajmda joy) olasiz va hammasini o’zingiz istagandek tayyorlaysiz, dasturchi yollaysiz va saytga o’zingiz istalgan funksiyalarni qo’shasiz
2-usul. Katta onlayn bozorlar saytlarida ro’yxatdan o’tib sotuvni yo’lga qo’yasiz. Bunday saytlar marketplace (yoki multi vendor ) deb ataladi. Masalan, xalqaro miqyosda amazon.com, alibaba, etsy.com va hokazo. Bundan tashqari o’z mamlakatingiz miqyosidagi onlayn bozorlar ham bor . Masalan O’zbekistonda abad.uz sello.uz kabi saytlar bor. (2022 -yildagi malumot). Bu juda tez va oson usul bo’lib, shunchaki profil ochib mahsulotlarni joylash kifoya.
Biz ushbu maqolamizda 1-usul haqida — ya’ni o’zingiz mustaqil tarzda internet do’kon yaratish usullarini gaplashamiz. Demak boshladik.
Sayt ochishni nimadan boshlash kerak?
Dasturchilar orasida tuganmas bahs bor: PHP yaxshimi yoki Python, Laravel yaxshimi yoki Yii, Wordpress yaxshimi yoki boshqa CMS va hokazo. Bundan tashqari tayyor web konstruktorlar bor, xuddi LEGO kabi siz o’zingiz kerakli elementlarni bir biriga ulagan holda o’z saytingizni yaratasiz. Masalan Squarespace, Webflow, Wix va hokazo. Bular ham sizga o’zingiz uchun istalgan dizayndagi sayt yaratish imkonini beradi.
Agar siz IT sohasini bilmasangiz yoki yuzaki bilsangiz, duch kelgan dasturchi (yoki tanishingiz) bilan maslahatlashasiz va u sizga faqat o’zining tajribasidan kelib chiqib “falon usulda qiling” deydi. Siz esa unga ishonasiz. Axir u dasturchiku! Keyin boshqa dasturchiga borsangiz u o’zi yaxshi bilgan usulini maqtaydi. Siz esa tavakkal ishni boshlaysiz. Odatda ba’zi dasturchilar “0” (nol)dan boshlashni afzal ko’rishadi. Yoki avvalgi ishlatgan dasturini ustidan kod yoza boshlashi mumkin.
Sayt yaratish — bu ishning hali yarmi :-), Hali oldinda juda ko’p ishlar bor. To’lov tizimi bilan ulash (Uzkard, Humo, Payme, Click, Visa), Mahsulot yetkazish xizmati, Saytni muntazam takomillashtirish, (UX/UI dizaynni doim zamonaviylashtirish, Kodni optimizatsiyalash,…), Kontentni to’ldirish, mahsulotlar katalogini doimiy to’ldirish, mahsulotlarni birma bir sifatli rasmga olish va batafsil malumot yozish kabi ishlar. Bundan tashqari marketing va onlayn reklama(bu ham alohida katta mavzu).
Demak, siz bilan ilk qadam haqida — saytni tayyorlash usullari haqida gaplashamiz. Chunki u sizning internet olamidagi shaxsiy do’koningiz. Oddiy do’kon qurishning yuzlab usuli borligini sizga quruvchilar aytib berishi mumkin. G’isht yoki Sement, Oynali yoki taxtali, yoki alyumin profildanmi… xullas usullar ko’p. Dasturlash sohasida ham deyarli shunday.
Onlayn do’kon sayti nimalardan iborat bo’ladi?
- Saytning front qismi — foydalanuvchiga ko’rinadigan qismi. Masalan bosh sahifa, Katalog sahifasi, Mahsulot haqidagi sahifa va hkz. Sayt dizayni desak ham bo’ladi.
- Ma’lumotlar bazasi
- Boshqaruv tizimi — Admin panel. Ya’ni saytga malumot qo’shish, o’chirish, buyurtmalarni qabul qilish kabi ishlarni bajaruvchi qismi. Bu administrator yoki operator uchun bo’lib, parol va login bilan kiriladi.
Ana endi qanday usullar borligini ko’rib chiqamiz…
1. Hammasini 0 — noldan boshlab yaratish usuli.
Juda ko’p saytlar (shu jumladan onlayn do’konlar ham) PHP dasturlash tilida yaratilgan. Hali bu hammasi emas. PHP’ga asoslangan framework (kutubxona) ham alohida mavzu. Demak PHP tilida tayyorlash aniq bo’lgach endi framework tanlanadi. ( Framework — bu oddiy aytganda, tayyor kod jamlamalari deyish ham mumkin). Keng tarqalgan frameworklardan Laravel, Yii, yoki Codeigniter yoki boshqalar bor. Bu yerda ham bir narsani unutmang. Dasturchi degani hammma dasturni biladi degani emas. Hatto PHP tilida ishlovchi dasturchilarni ham o’z yo’nalishi bor. Kimdurlar faqat Laravel frameworkida ishlashni afzal ko’rsa boshqasi o’ziga yoqqan usulni afzal ko’radi. Demak kerakli framework tanlanadi, va shu asosda ish boshlanadi.
Hammasini (0) noldan boshlab tayyorlashning afzal tomoni shundaki, siz o’zingiz istalgan qo’shimchani istalgan shaklda kiritishiz mumkin. Yana sayt to’liq o’z xohishingiz kabi bo’ladi.
Faqat uni avvaldan puxta rejalash kerak.
Yomon tarafi esa: ko’proq vaqt va pul sarflaysiz. Axir hamamsini o’zingiz qilasiz yoki dasturchiga qildirasiz. Yaratish davomida turli xatoliklar chiqishi mumkin.
Hammasini 0-noldan boshlab yaratish bosqichlari.
Bu usulda yaratishning o’ziga xos bosqichlari bor: Avval veb dizayner yollaysiz va bo’lajak saytingizning tashqi ko’rinishini har bir sahifasigacha chizasiz. Ammo hozirda tayyor dizayn kutubxonalar bor — ya’ni avvaldan chizilgan sayt elementlari. Tayyor dizayn kutubxonalari yoki UI Kit deb ham ataladi. Masalan: https://ecommerce-uikit.com
Bu esa dizayner vaqtini 80% tejaydi, va zamonaviy standartlarga javob beradi.
Demak veb-saytingiz tashqi ko’rinishi batafsil chizilgach, endi uni html/css kodga aylantirish lozim. Bu jarayon “verstka” deb ham ataladi. Yoki html shablon yaratish — deb ham ataladi
Shu o’rinda bilib qo’yishingiz lozim. Hozirda internetda tayyor html shablonlar juda ko’p. Har birini o’ziga xos ko’rinishi — dizayni bor. Agar tayyor html shablondan foydalansangiz u holda dizayner yollashga hojat yo’q.
Bu kabi shablonlarni internetdan ko’plab topish mumkin: Masalan: https://themeforest.net/category/site-templates?term=ecommerce
Muammo shundaki, bularning tashqi ko’rinishini o’zingizga moslash biroz mushkul bo’lishi mumkin, Agar maqul shablon topsangiz unda omad… Shu o’rinda o’zim tayyorlagan html shablonni ham eslatib o’tmoqchiman:
https://bootstrap-ecommerce.com
Buning boshqalardan farqi, o’zingizga moslash juda oson. Qolaversa, rangi va strukturasini osonlikcha moslab olasiz. Xuddi LEGO kabi tayyor bloklardan iborat. Buning uchun Bootstrap, CSS va SASS ni bilish yetarli (Deyarli barcha web dasturchi bularni biladi).
Yoki https://bootstrap-ecommerce.com/templates.html
Bu yerda ham tayyor html shablonlar ham bor.
Bu bilan ish tugamaydi. Saytni boshqaruv qismi ham yaratiladi. Ya’ni Admin panel. Bu saytni admin yoki operator tomondan boshqarishni qulaylashtiradi.
Xullas bu usulda yaratish jarayoni to’liq sizni ixtiyoringizda. Faqat pul, vaqt va tajribali dasturchi topilsa bas. Hammasi hal bo’ladi.
2. Avvaldan yaratilgan tayyor koddan foydalanish usuli
Yana bir usul borkim ancha muncha vaqtingizni va dasturchini ham mehnatini tejaydi. Aniqrog’i, Agar yuqorida aytilgan usulda kimdur 0-noldan sayt yaratgan bo’lsa, siz shu koddan qayta foydalanib ishni ancha tezlashtira olasiz. Bu usul ancha tejamkor usul. Masalan PHP tilida Laravel framework asosda yozilgan tayyor kodni sotib olishingiz ham mumkin: Masalan ushbu saytdan:
https://codecanyon.net/category/php-scripts/shopping-carts
Googledan “online shop script”, yoki “ecommerce php script” deb izlasangiz ham bo’ladi. Shu paytgacha yuzlab odamlar bu kabi saytlar allaqachon yaratgan bo’lishi mumkin. Tayyor kodlardan foydalanganda uning front (mijoz ko’radigan qismi) va Admin panel qismi deyarli ishga tayyor bo’ladi. Faqatgina qilinadigan ish uni o’zingizni talabingizga biroz moslash xolos. Buning uchun ham albatta dasturchi yollab kamchiliklari bo’lsa bartaraf etish kerak. Har holda 90% ish tayyor holda bo’ladi. Mablag’ va vaqt ancha tejaladi.
3. CMS tizimlaridan foydalanish
CMS(Content Management System). Bu ham yuqoridagi usul kabi tayyor kod hisoblanadi. Ammo “kimdur” tomondan yaratilgan kod emas, balki o’zining ekotizmiga ega va doimiy qo’llab-quvvatlanadigan jamoasi bo’ladi. Bunga misol Wordpress tizimi. Wordpress ham PHP tilida yaratilgan tizim hisoblanadi. Ya’ni PHP da yaratilgan tayyor sayt bo’lib o’zining Admin paneli va front qismiga ega. Bunday tizimlarning qo’shimcha plugin’lari bo’ladi. Plugin bu shu tizim imkoniyatini oshiruvchi qo’shimcha kodlar jamlanmasi. Masalan Wordpress aslida blog saytlar uchun mo’ljallangan. Ammo unda Woocommerce nomli plugin bo’lib (woocommerce.com) sizga internet do’kon yaratish imkonini beradi.
CMS tizimlaridan yana mashhurlaridan biri — opencart (opencart.com) bu aynan internet do’kon uchun mo’ljallangan tayyor tizim. Bulardan foydalanish uchun sizdan hosting (web server - malumotlar ombori uchun joy) olishingiz va domen (sayt uchun ….uz …com nomi) olishingiz kifoya. CMS tizimlarining afzalligi shundaki, uni moslab ishga tushirish 5 daqiqalik ish. Demak 5 daqiqada saytingiz to’liq tayyor bo’ladi. Ammo…. uni o’zingizga moslash, masalan saytingiz dizaynini o’zingiz istagandek qilish, qo’shimcha funksiyalar qo’shish, to’lov tizimiga ulash kabi ishlarga vaqt sarflaysiz. Bu kabi ishlar uchun shu tizimda tajribasi bor dasturchi topishingiz kerak. Odatda PHP tilini zo’r bilgan dasturchi Wordpress ni umuman bilmasligi mumkin. Vaholanki Wordpress ham PHP asosida qurilgan :-) .
4. SAAS tizimlaridan foydalanish
Bu eng oson usuldir. Buning nomi SAAS (Software as a service ) ham deyiladi. Masalan eng mashhur tizim bu shopify.com
Siz ma’lum bir oylik to’lov evaziga to’liq foydalanishga tayyor onlayn do’konga ega bo’lasiz. Qolaversa web server (hosting) va to’lov tizimi haqida ham bosh qotirmaysiz. Faqatgina saytingiz ko’rinishini o’zingiz istagandek holga keltirish uchun dasturchiga murojaat qilasiz. Yoki tayyor html shablondan foydalanish ham mumkin. Hozirda bu tizimda minglab onlayn do’konlar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Eslatma: Bizni yurtimiz (O’zbekiston) to’lov tizimlari bilan integratsiya bo’la oladigan SAAS tizimi hozircha yo’q. yuqoridagi shopify tizimi faqat Visa, Paypal kabi xalqaro to’lovlarni qabil qila oladi.
5. Headless CMS yoki API asosida yaratish
Bu ham CMS usuli kabi bo’lib, sizga tayyor Admin boshqaruv qismi beriladi. Shu bilan birga malumotlar bazasidan kerakli malumotni (masalan Mahsulotlar nomi va rasmini) olish uchun maxsus API (Aplication programming interface) beriladi. Boshqacha qilib aytganda barcha boshqaruv imkoniyatlari mavjud tizim bo’lib uning front (mijozga ko’rinadigan) qismini o’zingiz yaratasiz. Bu hozirda zamonaviy javascript yordamida yaratiladigan usul bo’lib ReactJS VueJS kutubxonalari yordamida amalga oshiriladi. Mana bu tayyor tizim shulardan biri: vuestorefront.io.
Aslida 0-noldan o’zingiz ham shunday usulda yaratsangiz bo’ladi.
Bu usulning afzalliklari:
1. Saytning ishlash tezligi yuqori.
2. Saytning front qismi va boshqaruv qismlari bir biridan mutlaqo ajratilgan bo’lib, ularni boshqarish yoki keyinchalik rivojlantirish oson bo’ladi.
3. API yordamida xuddi shu saytingizning mobil ilovasini yaratish ham mumkin. Ya’ni android yoki ios dasturchi yollab unga kerakli API kodlarini bersangiz kifoya.
Do’konning Mobil ilovasini yaratish(mobile app) haqida boshqa maqolada batafsil yozamiz.
Eslatma: internet do’konning mobil versiyasini yaratishda quyidagi tayyor dizayn va html shablonni tavsiya qilishim mumkin:
https://bootstrap-ecommerce.com/templates/mobile/website/index.htm l
Qaysi usulni tanlashim kerak?
Ana endi hal qiluvchi qismga keldik. Tanlash bu sizning holatingiz va kelgusi rejalaringizga bog’liq.
Agar sizda sotilayotgan mahsulotlar soni ko’p bo’lmasa u holda, darhol internet do’koni ochishga shoshilmang. Dastlab turli marketpleys (ko’plab sotuvchilar sota oladigan) tizimlardan boshlagan maqul (Masalan O’zbekistondagi abad.uz, sello.uz, bulavka.uz va hokazo). Bunda siz dasturlash ishlari, to’lov tizimi bilan bog’lash haqida bosh qotirmaysiz. Faqatgina profil ochib o’z tovarlaringizni birma bir qo’shib qo’yasiz.
Aagar sizning ko’p miqdordagi mahsulot sotishni rejalayotgan bo’lsangiz va internet orqali sotishni yangi bsohlayotgan bo’lsangiz. U holda avval 2-yoki 3-usullarni tavsiya qilaman. Ya’ni tayyor CMS yoki tayyor koddan foydalanish maqul. Masalan Opencart yoki Wordpress+Woocommerce. Dastlab oddiy ixcham ko’rinishdagi sayt yaratib kataloglarni to’ldirasiz. To’lov tizimlarini ulaysiz. Bu ishlarni bajarish uchun birgina dasturchi kifoya.
Keyinchalik biznesingiz rivojlanib saytga yangi qo’shimchalar kiritish ehtiyoji tug’iladi. Misol uchun saytdan izlash imkoniyatini yanada qulaylashtrish, Bazi saytlarda kirill alifbosida izlasangiz ammo tovarlar lotincha yozilgan bo’lsa ham topib beradi. Yoki izlashda xato julmlani avtomatik tuzatib izlaydi va hokazo. Aslida CMS asosida qilingan saytlarga ham istalgancha yangi imkoniyatlar kiritish mumkin. Faqat buni uddalaydigan mutaxassis topsangiz bas.
To’lov tizimi
O’zbekistondagi mahalliy bozor uchun Payme yoki Click timizni ulashingiz mumkin. Buning uchun yuridik shaxs bo’lib ular bilan shartnoma tuzasiz. Bu yerda batafsil: merchant.payme.uz .
Yana boshqa servislar ham bor. Masalan: paysys.uz, upay.uz, octo.uz
Marketing va reklama
Aslida bu katta mavzu. qisqacha aytganda sizga qo’l keladigan usul bu ijtimoiy tarmoq (SMM — facebook va instagram), Telegram kanallari, Videoreklama (Youtube), Qidiruv tizimi (Google ads, SEO). Bularni o’z mutaxasisslari bor. Masalan IT reklama agentliklaridan: oe.uz (Open Engine) firmasini tavsiya qilishim mumkin.
Muvaffaqiyatga erishish haqida…
Har qanday biznesda muvaffaqiyatga erishish oson emas. O’zim anglagan muhim qoidalarni aytmoqchiman:
1. Kichikdan boshlang. Birdaniga ulkan biznes imperiyaga ega bo’lishni unuting. Olis sayohat ham birinchi qadamdan boshlanadi.
2. Doimiy sabr va etibor bilan ishlang. Ora-orada nomiga emas.
3. Internet orqali biznes qilganda doimiy aloqda bo’lish muhim. Har bir qo’ng’iroq yoki email yoki messenjer (telegram, whatsapp)den kelgan xabarga vaqtida javob berish shart.
Bu ro’yxatni istagancha davom ettirish mumkin.
Keyingi maqolalarda sizga quyidagi mavzularda yozishni rejalayapman.
- Raqamli (digital) mahsulotlar sotish (Elektron kitob, Dasturiy mahsulotlar, ijodiy ishlanmalar sotish)
- Internet do’konning mobil versiyasini yaratish (Smartfon uchun)
- Veb sayt uchun foydali mikroservislar. Sotuvni oshirishga yordam beruvchi qo’shimcha imkoniyatlar
Bulardan xabardor bo’lish uchun menga “Follow” qiling.
https://www.linkedin.com/in/vosidiy
https://medium.com/@vosidiy
Portfolio:
https://dribbble.com/vosidiy
https://behance.net/vosidiy
Email: vosidiy@gmail.com