Nega oldimizga maqsadlar qo’yish behuda?

Sarlavhani o’qib yana bir aqlli paydo bo’lipti dersiz. Bu o’zimni hayotimdagi kuzatishim xolos. Hozir yoshligimni eslasam, O’tgan davrlar faqat nimagadur erishish sari harakat bilan o’tganini eslayman. Mana hozir ham oldimdagi maqsadlar tugamapti. Balki sizda ham shunday holatdir. Unda nima qilish kerak?

Vosidiy M.
4 min readApr 15, 2023

Yaqinda (maqola 2023-yil aprel oyida yozilyapti) … xullas sokin o’tirib hayotimni o’tgan davrini bir tahlil qildim. Aslida doim shunday qilib turaman. Bu gal shuni angladimki, go’yo hayotim doim nimagadur erishishdan iborat va unga erishgach yana keyingisiga intilish bilan yillar o’tmoqda… Chuqurroq tahlil qilishni boshladim va “O’zi yashashdan maqsad nima” — degan boshi berk ko’chaga kirdim. Bilaman, bu savol juda falsafiy va qadimiy savol… Bunga har bir din va falsafa o’zicha javob beradi. Hammani o’z “haqiqati” bor.

Tog’ga chiqishdek

Yoshligimda bir necha marotaba tog’ning eng yuqori cho’qqisiga chiqqandim. O’shanda 8–10 soat yurgan bo’lsam, ko’tarilgan sari oldimdagi tepalik oxirgi nuqta bo’lib ko’rinardi. Har bir tepalikka chiqqach undan balandroq tepalik borligini ko’rardim. Hatto eng yuqori nuqtaga ko’tarilganda ham, uzoq olisdagi cho’qqilar yanada balandroq ko’rinar edi.

Hayotimiz ham toqqa chiqishdek — “shu nuqtaga yetsam” deysiz. Qarabsizki undan keyin yana balanliklar bor.

Maktab paytim maqsadim yaxshi bahoga bitirish edi. Keyin kollej va universitet paytim maqsadim yaxshi o’qib tezroq diplom olish edi. Keyingi maqsad — yaxshi joyda ishlash, Keyin, ko’proq pul topish, uylanish, yaxshiroq uy-joy olish, balandroq maosh, keriera, sayohat, ….

Maqsadlarga intilaverib… shu bilan umrimiz oxiriga yetadi va o’lamiz! Bo’ldimi? hayot shundan iboratmi? Hop, hammasiga erishdingiz ham deylik keyin bir kun o’lasiz va hamma sizni unutadi. Sizning erishgan narsalaringiz ham yuqolib ketadi yoki unutiladi. Sizdan avval ham trillionlab odamlar yashab o’tdi, ularning ham bir dunyo maqsadi bor edi, asrlar o’tib izsiz yuqoldi.

Maqsadning natijasi emas, jarayon muhim

Mayli, bemaqsad yashang demayapman. Maqsad qo’ying. Ammo uning natijasi emas, balki maqsad sari qilayotgan harakatingiz sizga zavq berishi kerak. Ya’ni jarayonni o’zi sizga huzur baxsh etmas ekan, u holda bu maqsadga erishish sizga hayot-mamotdek bo’lib qoladi. Natijani unuting! erishasizmi yo’qmi baribir bo’lsin sizga. Masalan, Siz avtomobil sport poygasida qatnashyapsiz. Bu yerda avtomobilni tez haydash va shu jarayondan huzurlanishni o’zi kifoya bo’lsin. Marraga yetishish bu ikkinchi darajali masala.
Boshqa misol, Siz velosiped minib uzoq masofaga ketayapsiz. Bunda ham shu sayohatni o’zi sizga huzur baxsh etsin. Manzilga yetishish emas, balki sayohatni o’zidan zavqlaning.

Nega jarayon muhim, natija emas?

Agar sizga faqat natija muhim bo’lsa, butun asablaringiz taranglashadi. Agar natija siz kutmagandek chiqsa-chi? Shuncha toliqib qilgan mehnatingiz nima bo’ldi? Ketgan vaqt havoga kettimi? Vaholanki hayot bir marta berilgan ulug’ ne’mat. Bu ulug’ ne’matni bir lahzalik natija uchun sarflab yuborish qanchalik to’g’ri?!

Hayot faqat ushbu HOZIRgi naqd lahzadan iborat

Agar sizning “HOZIR”gi lahzangiz zavq bermasa keyingi lahza ham bundan farq qilmaydi. Chunki har qanday “kelajak” — bu HOZIRgi lahzaning davomidir. Kimlardir butun umr “oltin kelajak”ni kutib HOZIRgi naqd bo’lgan lahzalarini xazon qiladi. Qandaydir noma’lum natija uchun HOZIRgi naqd lahzani qurbon qilish arzigulikmi. Chunki HOZIRni ortga qaytarib bo’lmaydi. (Komyuterdagi kabi “Ctrl+Z”degan narsa hayotda yo’q!)

Sizning o’zingiz aslida maqsad!

“Breaking bad” filmida bir jumla bor: “I’m not in danger, I am the danger” (Ya’ni, Men xavf ichida emas, Mening o’zim xavfli). Bu iborani nima aloqasi bor?… hozir bilib olasiz.

Bu ibora ko’p sohalarda mem bo’lgani uchun elasdim.

Yaxshi anglash uchun insoniyat yaratilishidan boshlasak

Qur’oni karimda shunday deyilgan:
«Esla, Robbing farishtalarga dedi: … Аlbatta, Men yer yuzida xalifa yarataman»… (Baqara, 30-oyat)

Xudoning maqsadi yerda insonni, ( shu jumladan SIZni) yaratish edi.
Katta portlashdan keyin yer o’z dumaloq shakliga kelguncha milliardlab yil o’tdi, avval qaynoq vulqondan iborat bo’lgan yerning sovishi uchun yana milliardlab yil o’tdi. Yerni yashashga moslash uchun yana milliardlab yillar sarflandi. Bularni barini Xudo nega qildi? Insonni yaratish uchun!
Shu jumladan SIZni ham yaratish uchun. Tafakkur qiling-a, bizni inson bo’lib kelishimiz uchun Xudo yerni qanchalik tayyorlagan va bunga milliardlab yillar sarflagan. Xudoning maqsadi — Sizni yaratish edi.
Ha, nafaqat siz, balki, barchamiz. Siz o’z o’zidan shunchaki tayyor joyga kelishingiz o’z-o’zidan emas, balki Xudoni maqsadi sizni yaratish bo’lgani uchungina mavjudsiz, va yashayapsiz. Ya’ni Xudo O’z maqsadiga erishdi.

Balki g’alati eshitilar, Aslida yuqoridagi oyat ham shuni aytmoqda, ya’ni U yerda insonni xalifa qilib yaratishni maqsad qiladi va bu haqda farishtalarga aytadi.
Demak, Siz o’zingiz maqsad! Qanday maqsad? Xudoni avvaldan rejalagan maqsadi bu Siz!

Sizning o’zingizcha o’ylab topgan barcha maqsadlaringiz bu shunchaki dunyoda zerikmaslik uchun bahona xolos. Hammasi o’z o’zidan bo’laveradi. Shunchaki, har lahzadan zavqlanib yashang va yana Yaratuvchiga qaytamiz. Yashashdan maqsad bu shunchaki yashashdir.

Buratino filmini ko’rgan bo’lsangiz kerak, Duradgor usta yog’ochdan odam yasaydi. Uning maqsadi o’z mahoratini ko’rsatib yog’och odam yasash edi. Va maqsadiga erishib Buratinoni yasadi. Buratinoni o’zi aslida maqsad.

Shunaqa gaplar…

--

--

Vosidiy M.

I'm a Product Designer with coding experience. I write about Design, Philosophy and Life. Follow me: linkedin.com/in/vosidiy